XV Toshkent xalqaro kinofestivali taqdir taqozo bilan ushbu noyob kinematografiya bayramining 65 yillik yubiley yilida o'tkazilmoqda . Albatta, bunday tasodif ham tashkilotchilar zimmasiga o'ziga xos qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Kinofestival shu bilan birgalikda o‘zbek xalqining kino san'atiga bo‘lgan muhabbati saqlanib qolgani va ortib borayotganining nishonasidir.
1958-yilda Toshkentda Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivali deb nomlangan birinchi kinofestival bo‘lib o‘tgan edi. Unda O‘zbekiston poytaxtiga dunyoning o‘nlab davlatlaridan yuzlab mehmonlar tashrish buyurishgan. Sarlavhada faqat Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvi aks etganiga qaramay, bu, amerikalik mashhur musiqachi Pol Robsonning ushbu unikal tadbirda ishtirok etishiga halaqit bermagan.
Afsuski, 50-yillarning oxirlariga borib Toshkent kinofestivali har zamonda bir bo'ladigan tadbirga aylanib qoldi. O‘zbekiston poytaxtida keyingi kinofestival oradan o‘n yil o‘tib, 1968 yilda bo‘lib o‘tdi. 1970-yildan boshlab Toshkent kinofestivali har ikki yilda bir marta mehmonlarni qabul qiladigan bo'ldi, 1976 yildan boshlab esa Lotin Amerikasi mamlakatlari kinoijodkorlari ham doimiy mehmonga aylanishdi. Bu esa Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi Toshkent kinofestivalining nomida ham o'z ifodasini topgan edi.
Shunday qilib, sobiq Sovet Ittifoqi davrida 10 marotaba Toshkent kinofestivali bo‘lib o‘tdi. 1991-yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi Toshkent kinofestivalining davomchisiga aylangan Toshkent xalqaro kinofestivali bor-yo‘g‘i ikki marta – 1992 va 1997-yillarda o‘tkazilgan edi. Keyin qandaydir unutish davri keldi....
Bu nohush davr 2021-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni imzolanishi bilan o'z yakuniga yetdi. O'sha yilining o'zidayoq qaror 100 foizga bajarildi. Toshkentga dunyoning turli burchaklaridan yuzlab yuqori darajadagi kinoijodkorlar tashrif buyurishdi va ular qayta tiklangan kinofestivaldan faqat ijobiy ta'assurotlarni olib qaytishdi. “Toshkent festivali bamisoli qayta tug'ildi, – dedi mashhur polshalik rejissyor Krzysztof Zanussi zavq bilan. Shuningdek, “Ko‘pdan buyon xorijga chiqmayman, lekin Toshkent kinofestivalini istisno qildim”, — deya festivalga yuqori baho berdi buyuk yapon rejissyori va aktyori Takeshi Kitano.
Vaqt yeldek o'tib bormoqda, 2023-yildagi “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining 65 yoshga to'lgan yubiley ochilish marosimini nafaqat Toshkent, balki butun O‘zbekiston ahli intiqlik bilan kutmoqda.