“Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida zamonamizning eng yaxshi aktrisalaridan biri Yelezaveta Boyarskayadan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu iqtidorli va betakror aktrisa “Oltin niqob” hamda “Oltin burgut” mukofotlari sohibasidir.
Liza Boyarskaya “Buyuk” va “Anna Karenina. Vronskiy tarixi” seriallaridagi mahoratli ijrosi bilan tanilgan. Bu seriallarda u Ekaterina II hamda Anna Karenina obrazlarini o‘ziga xos tarzda aks ettira olgan.
– “Bugun men onam Larisa Luppian Vatanidaman. U 18 yoshigacha Toshkentda yashab, o‘qigan. Biz uning akasinikiga mehmonga bordik va men uyga kirganimda xuddi o‘tmishga tushib qolgandek bo‘ldim. U men hali 5 yasharligimda bobomnikida vaqtimni o‘tkazganim joy bilan bir xil edi. Xuddi o‘sha eshiklar, derazalar, zinapoya va hatto tom ham. Vaqt to‘xtab qolgandek edi go‘yo”,– deya fikrlari bilan bo‘lishdi Yelizaveta Boyarskaya.
Master-klass davomida Yelizaveta kino sanoatida yetuk mutaxassis bo‘lish orzusidagi yoshlar bilan o‘z tajriba va bilimlarini baham ko‘rdi. Ularga o‘zining talabalik davri, muvaffaqiyatga erishish uchun tinimsiz mehnat qilgani, qattiq ter to‘kkani haqida so‘zlab berdi.
Yelizaveta har bir rolga mas’uliyat bilan yondashish muvaffaqiyat kaliti ekanligi, bu aktyorga eng yuqori natijalarga erishish imkonini berishini alohida ta’kidladi.
U uzoq vaqtgacha kasb tanlashda bir qarorga kela olmagani, jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirishni reja qilganini ham tan oldi. Biroq 15 yoshida onasi Lizani o‘zi bilan Moxovoydagi o‘quv teatri ochilishiga olib boradi. Bu voqea bo‘lajak aktrisaning hayotida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Yelizaveta o‘quvchilarning san’atga bag‘ishlangan motivatsiyasi va energiyasidan ilhomlanadi. O‘shanda u o‘z hayotini aktyorlik bilan bog‘lashga qaror qiladi va shu tariqa o‘z ijodiy yo‘lini boshlaydi.
– “Uyimizga taniqli san’atkor va rejissyorlar tez-tez kelib turishardi. Lekin oldinda hali kelajagi bor yosh talabalarning hech ikkilanmay bu kasbga va dunyoni o‘zgartira olishlariga bo‘lgan ishonchini ko‘rib, mening ham joyim ular orasida ekanini anglab yetdim. Ulardek bo‘lishga qaror qildim!”
Yelizaveta Boyarskayadan master-klass Butunrossiya davlat kinematografiya institutining (BDKI) talabalari uchun chinakam voqeaga aylandi. Uning tajriba va bilimlari aktyorlik san’atini egallash istagidagi barcha uchun foydali bo‘lishi shubhasiz.
Yelizaveta Boyarskaya yosh talabalarga muloyimlik bilan murojaat qildi:
– “Sizdagi kino va san’atga bo‘lgan ishtiyoqingizni ifodalovchi nur aslo so‘nmasin. Shunda u ko‘p yillar davomida porlab turadi, yo‘lingizni yoritadi”, – deya ijodiy uchrashuvni yakunladi Yelizaveta Boyarskaya.