“Ipak yo‘li durdonasi” Toshket xalqaro kinofestivali doirasida master-klass o‘tkazib, VGIK talabalari bilan amaliy tajribasini bo‘lishgan rejissyor, ssenariy muallifi va prodyuser Аleksandr Kott mamlakatimiz haqida shunday fikr bildirdi. U “Sinov” ("Испытание"), “Аrchalar” ("Ёлки"), “Brest qalʼasi” ("Брестская крепость") kabi kinokartinalari bilan mashhur. Uning oxirgi ishlaridan biri "Chuk va Gek" fesival doirasida Magic Cinema’da namoyish etiladi.
Muallif ijodiy xazinasida dramatik asarlar bilan bir qatorda komediyalar ham bor. Kinotanqidchilar uning nozik detallarga eʼtibor berish va kadrda tarixiy davr muhitini tasvirlay olish mahoratini taʼkidlagan. Master-klass tinglovchilariga rejissyor muvaffaqiyatli kino sirlari haqida so‘zlab berdi. Kartina ustida ishlashda detallarga diqqat qaratish, ularni qahramon yashagan davrga mos ravishda puxta ishlash kerakligini qayd etdi. Xususan, filmlar haqida so‘zlar ekan, u qisqa metrajli filmlarda vizual qism birinchi darajali ahamiyat kasb etishini aytdi. O‘zbekiston haqida gapirganda, mamlakatimiz unda iliq hissiyotlar uygʼotishini, bu mamlakatni yaxshi ko‘rmaslik ilojsiz ekanligini taʼkidladi.
— Toshkentda o‘tkazilayotgan kinofestival davlatning kino sohasiga qaratayotgan e’tibori namunasidir, - ta’kidladi Aleksandr Kott. — Kino yoshlar tarbiyasi, ularda did va nafosat hislarini shakllantirishda muhim o‘ringa ega. Uning fikricha, kinofestival maydonchasi qiziqarli xalqaro loyihalar bilan tanishish hamda tajriba almashish imkoniyatini yaratadi.